Oliy ta'limdan keyingi ta'lim

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 22 maydagi 304-son qarorini bajarilishi to‘g‘risida ma’lumot

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni yanada takomillashtirish to‘g‘risida" 2017 yil 16 fevraldagi PF-4958-son Farmoniga asosan mamlakatimizda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning uch yilga mo‘ljallangan ikki bosqichli tizimga o‘tishi joriy qilindi.

Ushbu Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 22 maydagi № 304-son qarori bilan «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga qo‘yiladigan davlat talablari», «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risida» Nizom tasdiqlandi.

2017 yil 1 iyuldan boshlab Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim quyidagi shakllarda amalga oshirilmoqda:

  • tayanch doktorantura;
  • doktorantura;
  • mustaqil izlanuvchilik.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi № 304-son qarorini so‘zsiz bajarish to‘g‘risida tasarrufida oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim instituti mavjud bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlarning buyruqlari qabul qilinib, ilmiy kengashlarda mazkur qarorning mazmun-mohiyati muhokamasi o‘tkazildi.

Shuningdek, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim bo‘yicha qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati bilan tanishtirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar “Tarmoq grafigi” vazirliklar, idora va tashkilotlar bilan kelishilib, Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan 2017 yil 7 iyulda tasdiqlandi.

Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus, Xalq ta’limi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralar tasarrufiga kiruvchi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarida Fan va texnologiyalar agentligi hamda Oliy attestatsiya komissiyasi bilan hamkorlikda “Tarmoq grafigi” bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarida OTMning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektorlari, ITM ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, doktorantura bo‘limi boshliqlari, shuningdek, 1000 dan ortiq doktorantlar, ularning ilmiy rahbarlari va maslahatchilari ishtirok etishdi. Tadbirda berilgan savol-javoblardan doktorantlar ularning ilmiy rahbarlari va maslahatchilari tegishli xulosalar qilishdi.

Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarida tashkil etilgan komissiyalar tomonidan doktorantlarning faoliyati tanqidiy ravishda ko‘rib chiqildi, “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga qo‘yiladigan davlat talablari”ga asosan falsafa doktori (PhD) va fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajalarini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya ishlaridan muhim ijtimoiy-iqtisodiy va dolzarb ilmiy-amaliy muammolar hal etilishi yoki ilm-fan tegishli tarmog‘ining istiqbolli yo‘nalishini rivojlantirish uchun yo‘naltirilgan yangi nazariy qoidalar kompleksini yoki joriy etilishi ilm-fan, texnikaning, ijtimoiy-siyosiy sohaning yoki iqtisodiyot tarmog‘ining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadigan yechimlar ishlab chiqishga mo‘ljallanganlari saralab olindi.

Natijada jami 1405 ta doktorantlar tegishli institularga o‘tkazildi, shundan: 1096 tasi tayanch doktoranturaga, 309 tasi doktoranturaga rasmiylashtirildi. Mazkur doktorantlarning doktorlik dissertatsiyalari mavzulari, ixtisoslik yo‘nalishlari, ilmiy rahbar va konsultantlari to‘g‘risida Fan va texnologiyalar agentligining ma’lumotlar bazasiga kiritish tavsiya etildi va Agentlikning internet sahifasida e’lon qilinishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Fan va texnologiyalar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 22 maydagi 304-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hamda “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, 2017 yilda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim institutida 1 bosqichda ta’lim oluvchi tayanch doktorantlar va doktorantlarning soni (Kvota)ni hamda ularga davlat byudjetidan ajratiladigan moliyaviy mablag‘ miqdorini rejalashtirish jarayoni yakunlandi.

Fan va texnologiyalar agentligi 2018 yilda 1 bosqichga tayanch doktorantura va doktoranturaga o‘qishga qabul rejasini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirliklarida o‘rganish jarayonida fan va texnologiyalarning mamlakat iqtisodiyotining ehtiyoji, har bir fan tarmog‘i rivojlanishining istiqboli hamda 2014, 2015, 2016 yillardagi mutaxassisliklarga talablar asosida tahlil qilindi, natijada 997 o‘rinni ma’qullashdi.

Kelishilgan 997 ta o‘rindan 79 % i fizika, matematik tahlil, kimyo, biologiya, texnika fanlari, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilning 15 sentyabridan 15 oktyabriga qadar tayanch doktorantura va doktoranturaga hujjatlar topshirilishi yakunlandi.

Tayanch doktoranturaga kirish imtihonlari ixtisoslik va chet tilidan topshiriladi.

Talabgorlarda IELTS (o‘rtacha balli 5,5), TOEFL (RVT) (567 balldan kam bo‘lmagan), CEFR (V2 daraja) bo‘yicha tasdiqlovchi amaldagi xalqaro kvalifikatsion sertifikatlar mavjud bo‘lganda chet tilidan topshiriladigan imtihonlardan ozod etiladi.

Doktoranturada o‘qish uchun kirayotgan talabgorlar mutaxassislik bo‘yicha Kollegial organ tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi.

Tayanch doktoranturaga kirish imtihonlari va doktoranturaga suhbat har yili 1 - 25 noyabr muddatida bo‘lib o‘tadi.

Tayanch doktoranturaga va doktoranturaga kiruvchi talabgorlarning kirish imtihonlari, suhbat natijalaridan va ajratilgan qabul kvotasidan kelib chiqib, Qabul komissiyasi va Kollegial organ tomonidan 30 noyabrgacha bo‘lgan muddatda qabul qilinganlarni tanlaydi.

Bir necha talabgorlarning tayanch doktoranturaga va doktoranturaga kirish imtihonlari yoki suhbat natijalari bo‘yicha ular tomonidan to‘plangan yakuniy ballar teng bo‘lgan taqdirda, quyidagi talabgorlarga:

a) tayanch doktoranturaga:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari sohiblariga;
  • tegishli mutaxassislik bo‘yicha imtiyozli magistr diplomiga ega bo‘lganlarga;
  • ixtiroga yoki seleksiya yutug‘iga (shu jumladan, hammualliflikda) patentga ega bo‘lganlarga.

b) doktoranturaga:

  • besh yildan ortiq ilmiy-pedagogik stajga egalarga;
  • ixtiroga yoki patentga ega bo‘lganlarga;
  • monografiya chop etilganligi (ijtimoiy-gumanitar fanlari uchun), ilmiy maqolalarning soni OAK ro‘yxati bo‘yicha ko‘pligiga, shuningdek, xorijiy jurnallarda chop etilgan maqolalar talabgorning tanlagan dissertatsiya mavzusiga bevosita aloqador bo‘lishligiga;
  • dissertatsiya tadqiqotining 50% bajarilganligiga ustunlik beriladi.

Tayanch doktorantlar va doktorantlarni o‘qishga qabul qilish, ularning tasdiqlangan mavzulari, ilmiy rahbarlari va ilmiy konsultantlari to‘g‘risidagi ma’lumot tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan har yili 15 dekabrgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladi. Shuningdek, tasdiqlangan dissertatsiya mavzulari O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining ma’lumotlar bazasiga kiritiladi, hamda Oliy attestatsiya komissiyasining ro‘yxatidan o‘tkazilib «OAK Byulleteni» jurnalida chop etiladi.

O‘qishga qabul qilingan kundan boshlab: tayanch doktorantga stajyor-tadqiqotchi lavozim maoshining bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan miqdorda stipendiya to‘lanadi; doktorantga – fan nomzodi ilmiy darajasiga ega (ilmiy unvonga ega bo‘lmagan) katta ilmiy xodim lavozim maoshining bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan miqdorda stipendiya to‘lanadi.

Tayanch doktorant va doktorantlarning o‘qish muddati ular ishining umumiy stajiga qo‘shiladi.

Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni tugatganlar qayta tayanch doktoranturaga va doktoranturaga qabul qilinmaydi.